MITUZ

Tanlov nizomi

1. TANLOVNING ASOSIY MAQSADI
2. TANLOVNI TASHKIL ETISH VA O'TKAZISH
3. TASHKILIY QO'MITA HAMDA ISHTIROKCHILARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
4. TANLOV SHARTLARI VA BAHOLASH MEZONLARI
5. G`OLIBLARNI TAQDIRLASH
6. YAKUNIY QOIDALAR

TANLOVNING ASOSIY MAQSADI

Tanlovning asosiy maqsadi – yoshlar uchun mo'ljallangan ijobiy mazmundagi eng yaxshi internet
resurslarni yaratish, ko'paytirish, mavjudlarini aniqlash va rag'batlantirish, veb-resurslarni yaratuvchilar
diqqat e'tiborini internet texnologiyalaridan mas'uliyatli, axborot madaniyati talablari doirasida hamda xavfsiz
foydalanish muammosini hal etish, internetning yoshlar uchun mo'ljallangan segmentini kengaytirish va rivojlantirishdan iborat.

TANLOVNI TASHKIL ETISH VA O'TKAZISH

1. Tanlovda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi veb-sayt yaratuvchilar (jismoniy va yuridik shaxslar) ishtirok etadi.
2. Tanlovni tashkil etish va o'tkazish mas'ul tashkilotchilarning vakillaridan tarkib topgan tashkiliy qo'mita zimmasiga yuklatiladi. Tashkiliy qo'mita tanlovning ekspert guruhi va hakamlar hay'ati tarkibini shakllantiradi hamda ularning rahbarini tayinlaydi. Hakamlar tarkibiga vazirlik va idoralarning mas'ul xodimlari, shuningdek, madaniyat va san'at sohasi vakillari kiritilishi mumkin.
3. Tanlov uch bosqich (tanlov ishtirokchilarini ro'yxatga olish, g'olib va sovrindorlarni saralash hamda taqdirlash)da o'tkaziladi.
4. Birinchi bosqich – tanlov ishtirokchilarini ro'yxatga olish va nomzodlarni saralash – 2016 yilning 25-aprelidan 1-noyabrga qadar o'tkaziladi.
5. Ikkinchi bosqich – g'olib va sovrindorlarni saralash – 2016-yilning 1-noyabrdan 7-noyabrga qadar o'tkaziladi.
6. Uchinchi bosqich – g'olib va sovrindorlarni taqdirlash – 2016-yil noyabr oyining oxirgi haftasida o'tkaziladi. Tanlov g'olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimining kuni va joyi tashkiliy qo'mita qaroriga asosan belgilanadi va www.mit.uz saytida e'lon qilinadi.
7. Ishtirokchilar arizalari 2016 yilning 1-noyabrga qadar www.mit.uz sayti hamda Telegram - @MITUZBOT orqali qabul qilinadi.
8. Tanlovga faqatgina www.mit.uz saytida joylashtirilgan namuna asosida to'ldirilgan arizalar qabul qilinadi. Arizalarni “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining hududiy Kengashlaridan olish va to'ldirish mumkin.
9. Tanlovga faoliyat ko'rsatayotgan yoki 2016-yil 1-sentabrga qadar internet tarmog'iga joylashtirilgan saytlar taqdim etilishi mumkin. Bitta ishtirokchi tomonidan tanlovga taqdim etilishi mumkin bo'lgan saytlar miqdori cheklanmagan. Tanlovga ishtirok etadigan jismoniy shaxslar 14 yoshdan 30 yoshgacha bo'lishi shart.
10. Tanlovga saytni faqat unga bevosita daxldor bo'lgan jismoniy yoki yuridik shaxs – domenning (qonuniy) egasi taqdim etishi mumkin. Tanlovga taqdim etilgan arizani qaytarib olishga faqat sayt (domen)ning egasi haqli.
11. Tanlovga taqdim etilgan bitta sayt faqat bitta nominatsiyada (yoki bitta qo'shimcha nominatsiyada) ishtirok etishi mumkin.
12. Tanlovda ishtirok etuvchi jismoniy shaxslar o'z arizasiga pasport (yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat) nusxasini taqdim qilishi lozim:
13. 14 yoshdan 16 yoshgacha bo'lgan jismoniy shaxslar tug'ilganlik haqidagi guvohnomasi bilan birgalikda tanlovga taqdim etgan saytning domeniga uning yaqin qarindoshlaridan birining (qonuniy) egaligi to'g'risidagi vakolatli tashkilotning ma'lumotnomasini topshirishi lozim.
14. Tanlovda ishtirok etuvchi yuridik shaxslar o'z arizasiga quyidagi qo'shimcha hujjatlarni taqdim qilishi lozim:
– ishtirokchining pasport (yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat) nusxasi;
– tegishli tashkilotning roziligi (haqiqatdan ham ishtirokchi tomonidan saytning ishlab chiqilganligi) to'g'risidagi tavsiyanoma;
– tanlovga taqdim etgan saytning domeniga tashkilotning (qonuniy) egaligi to'g'risidagi vakolatli tashkilotning ma'lumotnomasi.
15. Tanlovda tashkilotchilar (tashkiliy qo'mita a'zolari) faoliyatiga aloqador shaxslar va loyihalar hamda internet resurslar, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlarning alohida olingan sahifalari yoki bo'limlari ishtirok etishlari mumkin emas.
16. Tanlovga taqdim etilgan arizalar Tashkiliy qo'mita tasdiqlagan Ekspert guruhi tomonidan saralanadi va shu asnoda nomzodlarning ro'yxati shakllantiriladi. Nomzodlarning yakuniy ro'yxatini Tashkiliy qo'mita tasdiqlaydi.
17. Tashkiliy qo'mita tanlovni o'tkazish jarayonida tanlov sayti, elektron ma'lumotlar bazasini yaratadi va tanlov ishtirokchilariga kerak bo'ladigan barcha ma'lumotlarni saytga joylashtiradi.
18. Tanlovda ishtirok etayotgan saytning mazmuni (uning kontenti)ga quyidagi talablar qo'yiladi:
– tanlov auditoriyasi (yoshlar)ning talab va qiziqishlariga mos kelishi lozim;
– yoshlarni barkamol shaxs etib tarbiyalashga yo'naltirilgan bo'lishi, ularning bilim darajasini va dunyoqarashini oshirishi kerak;
– internet foydalanuvchisida axborot olish madaniyatini hamda undan xavfsiz foydalanish ko'nikmalarini shakllantirishga xizmat qilishi kerak;
– saytdagi axborotlarning kamida 80 foizi (kontent, rukn va sahifalarning hajmiga qarab belgilanadi) yoshlar uchun mo'ljallanishi, ular uchun foydali kontent bilan to'ldirilgan bo'lishi, doimiy ravishda yangi materiallar bilan boyitib borilishi kerak;
– saytning interfaol ruknlari (yangiliklar, voqea-hodisalar) doimiy ravishda (kunida kamida bir marotaba) yangilanib turilishi kerak;
– tanlovda ishtirok etayotgan saytga uchinchi shaxslarning huquqlari, shu jumladan, mualliflik huquqini poymol etuvchi materiallar, milliy qonunchilikka zid bo'lgan materiallar, ma'naviy va axloqiy me'yorlarga to'g'ri kelmaydigan materiallar, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi hududida tarqatilishi taqiqlangan mahsulot va xizmatlar reklamasini joylashtirish mumkin emas.
19. Tanlovda ishtirok etayotgan saytning foydalanuvchilar tomonidan mustaqil tarzda to'ldiriluvchi bo'limlari (forumlar, mikrobloglar, sharhlar), ularda turli tahqirlovchi so'z va iboralar qo'llanilishining oldini olish maqsadida sayt administratori tomonidan nazorat qilib borilishi kerak.
20. Tanlovda ishtirok etayotgan sayt vizual bezatishning zamonaviy talablari (yuqori sifatli grafika, shrift va ranglarning mutanosibligi, sayt mazmuni va auditoriyasiga mos format va boshqalar)ga javob berishi lozim.

TASHKILIY QO'MITA HAMDA ISHTIROKCHILARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

1. Tashkiliy qo'mita faoliyati davomida quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
– tanlovni o'tkazish to'g'risida qaror qabul qiladi;
– tanlov to'g'risidagi Nizomni ishlab chiqadi va unga o'zgartishlar kiritadi;
– tanlov boshlanishi to'g'risida belgilangan muddatlarda ommaviy axborot vositalariga rasmiy e'lon beradi.
– tanlovning o'tkazilish shartlari (tanlovni o'tkazish qoidalari, muddati, baholash jarayoni, mezonlari va bosqichlari)ni belgilaydi;
– Ekspert guruhi va hakamlar hay'atining tarkibi hamda ularning rahbarlarini tayinlaydi;
– tasdiqlangan rejaga muvofiq, axborot hamkorlari bilan kelishilgan holda tanlovnnig axborot kompaniyasi doirasida turli tadbirlarni o'tkazadi;
– tanlovga arizalar qabul qilish jarayonini tashkil etadi, arizalarning mazkur Nizomda ko'rsatilgan talablar asosida rasmiylashtirilishini nazorat qiladi;
– tanlovni o'tkazish jarayonida Ekspert guruhi va hakamlar hay'atining tarkibini tasdiqlaydi va ularning ishini muvofiqlashtiradi;
– tanlov g'oliblari va sovrindorlarini taqdirlash marosimini tashkil etadi;
– tanlovning boshqa tashkiliy masalalarini hal etadi.
2. Tashkiliy qo'mita o'z faoliyati davomida quyidagi huquqlarga ega:
– tanlovga taqdim etilgan sayt mazkur Nizomda ko'rsatilgan talablarga javob bermagan taqdirda nomzodning arizasini qaytarish;
– tanlov ishtirokchisi mazkur Nizomda ko'rsatilgan talablarni buzgan hamda tanlovning o'tkazilish talab va shartlariga mos kelmagan taqdirda uni tanlovdan chetlashtirish;
– Ekspert guruhi va (yoki) hakamlar hay'ati tomonidan ularning vakolati doirasida to'g'irlab bo'lmaydigan texnik xatolar aniqlangan nominatsiyalar bo'yicha tanlov natijalarini bekor qilish.
3. Tashkiliy qo'mita quyidagi tartibda qaror qabul qiladi:
– Tashkiliy qo'mita tomonidan barcha qarorlar faqat a'zolarning ovoz berish yo'li bilan hamda hal qilinayotgan masalaning muhimlik darajasiga qarab qabul qilinadi.
– ovoz berish natijalari, unda Tashkiliy qo'mita a'zolarining 2/3 qismidan ko'pi ishtirok etgan taqdirda, haqiqiy deb qabul qilinadi.
4. Tashkiliy qo'mita tanlov jarayonida quyidagi majburiyatlarni o'z zimmasiga oladi:
– tanlovning barcha ishtirokchilari uchun teng shart-sharoitlarni yaratish;
– tanlovning ochiq va oshkora tarzda o'tkazilishini ta'minlash;
– tanlov natijalarini kelishilgan muddatdan avval e'lon qilinishiga yo'l qo'ymaslik.
5. Tanlov ishtirokchisining huquqlari quyidagilardan iborat:
– tanlovni o'tkazish shartlari va tartibi to'g'risida ma'lumot olish;
– tanlovda ishtirok etish uchun belgilangan muddatda ariza berish;
– Tashkiliy qo'mitaga arizalar qabul qilish muddati tugashidan kamida 3 kun oldin murojaat etgan holda o'z arizasini qaytarib olish;
– tanlovga ariza taqdim etgandan taqdirda o'z saytida “MIT.uz” milliy internet tanlovi ishtirokchisi” degan yozuv va tanlovning logotipini joylashtirish;
– tanlov g'olibi deb e'lon qilinganida sovrin(lar)ni o'zi yoki ishonchli vakili orqali qabul qilib olish.
6. Tanlov ishtirokchisining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
– arizani topshirishdan oldin tanlov to'g'risidagi mazkur Nizom bilan to'liq tanishish, Nizomda ko'rsatilgan talablar asosida arizani to'ldirilish;
– mazkur Nizomda ko'rsatilgan qoidalarga qat'iy rioya etish.
7. Tanlov ishtirokchisi taqdim etgan qo'shimcha hujjatlardagi noto'g'ri ma'lumotlar uchun javobgar hisoblanadi.
8. Tanlov ishtirokchi o'z majburiyatlarini bajarmagan taqdirda Tashkiliy qo'mita tomonidan tegishli tartibda tanlovdan chetlashtirilishi mumkin. Ishtirokchining tanlovdan chetlashtirilgani to'g'risidagi xabar uning elektron pochta manziliga (basharti uning anketasida elektron manzili ko'rsatilgan bo'lsa) yuboriladi. Tanlov ishtirokchisi o'z majburiyatlarini to'liq bajarganidan so'ng tanlovga faqat Tashkiliy qo'mitaning ruxsati bilan ikkinchi marotaba ariza topshirishi mumkin.

TANLOV SHARTLARI VA BAHOLASH MEZONLARI

1. Saytlar (tanlov ishtirokchilarining ishlari) ekspert guruhi va hakamlar hay'ati tomonidan quyidagi asosiy mezonlar bo'yicha baholanadi:
– Mazmundorlik va interfaollik. Saytning mazmuni bu – saytda mavjud barcha axborotlar. Axborot foydalanuvchilar e'tiborini tortishi hamda sayt mavzusiga mos kelishi lozim. Saytning interfaolligi faqat giperhavolalar va o'z-o'zidan paydo bo'luvchi menyularning mavjudligi bilan belgilanmaydi, balki sayt foydalanuvchiga o'zaro axborot almashish uchun dialog muhitini yaratishi kerak.
– Dizayn va qulaylik. Sayt tashqi ko'rinishining tavsifi. Saytning vizual bezatilishi, yuqori sifatga ega grafika, shriftlar va ranglarning aniq tanlanganligi va mutanosibligi, sayt formati va mazmunining auditoriya hamda sayt oldiga qo'yilgan vazifalarga mosligiga qarab baholanadi. Qulaylik deganda saytdan foydalanishdagi imkoniyatlar tushuniladi. Saytda axborotdan foydalanish hamda bir bo'limdan ikkinchisiga o'tishdagi qulayliklar uning tarkibiy tuzilmasi va navigatsion funktsiyalariga bog'liq. Saytdan kerakli axborotlarni tezkor topishda navigatsion imkoniyatlarning kengligi.
– Funktsionallik, texnologik imkoniyatlari va xavfsizligi. Ushbu mezon saytning texnologik xususiyatlarini ifodalaydi. Yaxshi funktsionallik saytning tez ochilishini, undagi barcha havolalar ishchi holatda bo'lishini anglatadi. Texnologiyalar esa sayt auditoriyasining talablariga javob berishi kerak. Saytning sifati imkon qadar serverlik platformasi, brauzerning turi yoki foydalanuvchi monitoriga bog'liq bo'lmasligi lozim. Saytda axborot resurslarining xavfsizligini ta'minlash maqsadida saytdan foydalanishni cheklash (autentifikatsiya va avtorizatsiya bosqichlari) mavjud bo'lishi kerak.
2. Tanlov ishtirokchilarining ijodiy ishlari ekspert guruhi va hakamlar hay'ati tomonidan maxsus ishlab chiqilgan baholash varaqalari yordamida baholanadi.
3. Tanlov g'oliblarini aniqlash quyidagi bosqichlarni o'z ichiga oladi:
– har yilning 1 noyabrdan 10 noyabrgacha hakamlar hay'ati a'zolari quyidagi uchta kichik ishchi guruhlarga bo'lingan holda nomzodlarning ishlarini baholaydi:
– “Mazmundorlik va interfaollik” ishchi guruhi tarkibiga jurnalistlar, reklama va PR bo'yicha mutaxassislar kiradi.
– “Dizayn va qulaylik” ishchi guruhi tarkibiga rassom, dizayner hamda saytning qulayligini aniqlash bo'yicha mutaxassislar kiradi.
– “Funktsionallik, texnologik imkoniyat va xavfsizlik” ishchi guruhi tarkibiga malakali dasturchilar va tarmoq administratorlari kiradi.
4. Ishchi guruhlar a'zolari sayt (nominant)ni faqat o'z yo'nalishi bo'yicha baholaydi.
5. Saytlar (ishtirokchilarning ijodiy ishlari) hakamlar hay'ati tomonidan 10 ballik tizimda baholanadi.
6. Ishchi guruhlarning har bir a'zosi har bir nomzodga o'z bahosini qo'yadi. Har bir sayt (ishtirokchining ijodiy ishi)ga ishchi guruhlar tomonidan qo'yilgan o'rtacha ball keltirib chiqariladi.
7. Tanlovning asosiy va qo'shimcha nominatsiyalari g'oliblari va sovrindorlarini aniqlash tartibi quyidagicha:
– tanlov g'oliblari ekspert guruhi hamda hakamlar hay'ati tomonidan qo'yilgan baholarga qarab aniqlanadi;
– tanlovning asosiy nominatsiyasi bo'yicha nomzodlarning yakuniy ballari teng bo'lib qolganda, o'z saytida “MIT.uz” milliy internet tanlovi ishtirokchisi” degan yozuvni joylashtirgan ishtirokchi g'olib deb topiladi.
8. Tanlovning asosiy nominatsiyasi g'olibi quyidagi holatlarda aniqlanmasligi mumkin:
– tashkiliy qo'mitaning qaroriga muvofiq, muayyan nominatsiya bo'yicha tanlovga topshirilgan ishlarning hech biri talabga javob bermagan taqdirda (agarda to'plangan jami ballar miqdori 5 balldan past bo'lsa) g'olib aniqlanmaydi;
– tegishli nominatsiyada ishtirok etuvchilar soni 5 tadan kam bo'lsa hamda ular orasidan birinchi o'ringa munosibi topilmasa, shu nominatsiya(lar) bo'yicha tanlov g'olibi aniqlanmaydi.

G`OLIBLARNI TAQDIRLASH

1. Tanlov g'oliblarini taqdirlashni tashkil etish maqsadida Tashkiliy qo'mitaning majlisi o'tkaziladi hamda tanlovning natijalari e'lon qilinadi hamda tanlov g'oliblari va sovrindorlarining ro'yxati tashkiliy qo'mita tomonidan tasdiqlanadi.
2. Tanlov natijalari rasman e'lon qilingunga qadar hakamlar hay'ati hamda tashkiliy qo'mita a'zolari bu haqdagi ma'lumotlarni oshkor etishlari mumkin emas.
3. Tanlov natijalari va g'oliblarning ro'yxati tantanali taqdirlash marosimidan so'ng tanlovning rasmiy sayti hamda axborot hamkorlari hisoblangan ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi.
4. Tanlovning asosiy nominatsiyalari bo'yicha: birinchi o'rin g'oliblari mukofotlar bilan taqdirlanadi:
– “MIT.uz” - milliy internet tanlovi g'olibi diplomi;
– Notebook Professional;
– tanlov statuetkasi.
ikkinchi o'rin g'oliblari quyidagi mukofotlar bilan taqdirlanadi:
– “MIT.uz” - milliy internet tanlovi g'olibi diplomi;
– Smartphone;
– tanlov statuetkasi.
uchinchi o'rin g'oliblari quyidagi mukofotlar bilan taqdirlanadi:
– “MIT.uz” - milliy internet tanlovi g'olibi diplomi;
– Televizor;
– tanlov statuetkasi.
Tanlovning qo'shimcha nominatsiyalari bo'yicha faqat bitta o'rin g'olibi quyidagi mukofot bilan taqdirlanadi:
– “MIT.uz” - milliy internet tanlovi g'olibi diplomi;
– Televizor.
5. Tanlovning asosiy nominatsiyalari g'oliblari va sovrindorlari Tashkiliy qo'mita qarori asosida keyingi yili o'tkaziladigan tanlovning ekspert guruhi yoki hakamlar hay'ati tarkibiga kirish huquqi berilishi mumkin.
6. Nominatsiyalar g'olib va sovrindorlari homiylar tomonidan (Tashkiliy qo'mita bilan kelishilgan holda) ta'sis etilgan qo'shimcha sovrin bilan taqdirlanishlari mumkin.
7. Tanlov natijalariga ko'ra hakamlar hay'ati istalgan ishtirokchini hay'atning maxsus sovrini bilan taqdirlash huquqiga ega.
8. Tashkiliy qo'mita tanlov doirasida internet va bevosita tanlovning rivojiga munosib hissa qo'shgan ishlar yoki shaxslarni taqdirlash huquqiga egadir.
9. Tashkiliy qo'mita tanlov g'oliblari va sovrindorlarini rasmiy veb-sayti hamda ommaviy axborot vositalari orqali tanitish (PR)ga yordam berishi mumkin.

YAKUNIY QOIDALAR

1. Tanlovni o'tkazish bilan bog'liq barcha xarajatlar mas'ul tashkilotchilarning mablag'lari hisobidan belgilangan tartibda qoplaniladi.
2. Davlat va nodavlat tashkilotlari tanlovda homiylik qilishlari mumkin.